Uning mehnati: Ko‘zlarimizning nuri

Matnni Qozoq va Ingliz tillarida Ruyò Journal da o‘qing

G‘arb zamonaviy san’atida ham, g‘arbiy bo‘lmagan san’at olamida ham kashtachilik, gilamdo‘zlik  va mato bilan ishlash asosan ayollar sohasi degan eskirgan qarashni rad etib, League of tenders kuratorlik juftligi Uning Mehnati nomli yopiq munozaralar turkumini tashkil etdi. Uning Mehnati loyihasi beshta ayol san’atkor – Milyausha Abaydullina, Darali Leli, Aisha Jandosova, Aziza Kadiri, Milana Halilovalarning ijodini o‘rganib chiqdi. Ularning amaliyoti “san’at va hunarmandchilik” deb ataladigan turli yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi.

Markaziy Osiyo, Idil-Ural va Shimoliy Kavkaz kabi turli hududlardan kelgan bu san’atkorlar kashtachilik, gilamdo‘zlik, kigizchilik hamda milliy libos va matolar naqshlarini erkin uslubda o‘rganish bilan shug‘ullanadilar. Moddiy va go‘zal narsa yaratish quvonchidan tashqari, bunday ijod ayollar*ni bir-biriga bog‘lashi, bilimlarni avloddan-avlodga so‘zsiz uzatishi, tarixni ayollar nuqtai nazaridan hikoya qilishi hamda avtoritar tuzumlarga va kapitalistik o‘zlashtirishga qarshi turishi mumkin. Moddiy va go‘zal narsa yaratish quvonchidan tashqari, bunday ijod ayollar*ni bir-biriga bog‘laydi, bilimlarni so‘zsiz avloddan-avlodga yetkazadi, tarixni ayollar nuqtai nazaridan hikoya qiladi hamda avtoritar tuzumlarga va kapitalistik o‘zlashtirishga qarshi turadi.

To‘rtta ommaviy bo’lmagan yig‘ilish davomida League of Tenders “o‘tmish jarohatlariga qarshi emas, balki ular bilan ishlash” (Leslie C. Sotomayor, The Practice of Feminist Art Education, 2022) uchun badiiy usullar, avlodlararo muloqot imtiyozi, bu mehnatni “dekorativ”, “turistik” va “ekzotik” deb rad etishga undovchi stigma va turli kelajaklarni birgalikda tasavvur qilish usullari bo‘yicha munozaralarga vositachilik qildi. Uning Mehnati: Ko‘zlarimizning Nuri bu go‘zal va samimiy suhbatlarni izlaydii, natijada ushbu suhbatlardan lug‘at tug‘iladi. League of Tenders kuratorlik dueti ushbu bilimlarni siz bilan baham ko’rish sharafini his qiladi, aziz o’quvchi.

Uning mehnati: Ko‘zlarimizning nuri ishtirokchilarning ona tillari – qazaq*, udmurt, bashqort*, o‘zbek va cherkes tillarida ham mavjud bo‘lib, qisman Ruyò’da nashr etiladi va boshqa platformalar orqali ulashiladi.

Uning mehnati League Tenders tomonidan tashkil etilgan 2024-2025-yillarda bo‘lib o‘tgan Vleeshalning Takrorlash o‘zgarishning bir shaklidir Xalqaro ko‘chmanchilar dasturining bir qismidir

Mundarija:

  1. Ishtirokchilar
  2. Dunyolarni to‘qish: An’anaviy hunarmandchilikni o‘zlashtirish va unga moslashish
  3. Sezgi tarixi va xotira asrovchilari: gender, hamkorlik va bozor
  4. “Bir paytlar tanilgan muallif”: bahs-munozarali nufuz, mualliflik masalasi, anonim holat va xotira yo‘qolishi
  5. Bilimlarni bilvosita o‘zlashtirish: an’analar, ko‘priklar, to‘siqlar va uzilishlar
  6. Kashtachilikdagi arxivlar: Palimpsestik o‘tmishni saqlash
  7. Ajdodlarimiz amaliyotlarini qayta tiklash: unutish va xotirlashning sezgi tarixnomasi
  8. O‘chirilgan arxivlar: Tasavvur tarixiy usul sifatida
  9. Birdamlikning noverbal tarmoqlari
  10. Mustamlakachilik yaralari, fojiaviy umidvorlik va g‘amxo‘rlikning mehr tili


Ishtirokchilar

Milyausha Abaydullina – Uralning Bashqortostan Respublikasidagi Miyakin tumanida tug‘ilgan rassom, tasviriy san’at tadqiqotchisi va to‘quvchilik ustasi. U Miftaheddin Aqmulla nomidagi Boshqort davlat pedagogika universitetining san’at va grafika fakultetini tamomlagan. Uning ijodiy faoliyati Bashqort an’anaviy san’ati va hunarmandchiligidan, ayniqsa to‘qimachilikdan ilhomlangan. Abaydullina Bashqortostan, Udmurt Respublikasi va Qozog‘istonda gilam to‘qishga bag‘ishlangan ko‘plab ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etgan. U o‘z tadqiqotlari natijalarini “Bashqort.photomuseum” va “Chingizxon ko‘z yoshi” kabi ommaviy kanallar orqali faol ravishda tarqatmoqda.

Darali Leli – yozuvchi, rassom, moda dizayneri, kurator va Udmurt milliy kiyimlari muzeyining asoschisi. U Udmurt Respublikasining Ijevsk shahrida yashaydi va udmurt yozuvchilari oilasidan kelib chiqqan. O‘z ijodiy faoliyatida u an’anaviy hunarmandchilikka, xususan quroq, to‘qimachilik, kashtado‘zlik va xalq bichimiga alohida e’tibor qaratadi. Udmurt xalqining madaniyati va muammolarini faol o‘rganib, u ko‘pincha o‘z asarlarini mahalliy o‘ziga xoslikning yo‘qolishi, qo‘ldan ketayotgan qadimiylik va Udmurt madaniy kodini tadqiq etishga bag‘ishlaydi.

Aisha Jandosova – qozoq-qirg‘iz diasporasi vakili, (qayta) o‘rganuvchi va o‘rgatuvchi/dizayner bo‘lib, Almati, Qozog‘iston hamda Providens (AQSH, Vampanog, Pokanoket va Narragansett xalqlari yerida) oralig‘ida hayot kechirmoqda. Jandosova o‘z vaqti va kuchini qozoq va Markaziy Osiyo xalqlarining o‘z ajdodlari va ularning turmush tarziga qayta bog‘lanishi, o‘zligini anglashi, hamda o‘zlari uchun mehr to‘la bugun va kelajakni tasavvur etishi/eslashi va shakllantirishiga yordam beradigan g‘amxo‘r muhitni yaratish va qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlaydi. Jandosovaning hozirgi faoliyati ajdodlarining hunarmandchilik an’analarini asta-sekin, uzoq muddatli  re-existencia – qayta tiklashni (Madina Tlostanova va Alban Achinte tomonidan kiritilgan “re-existencia” tushunchasi asosida) va Aida Issaxanqizi bilan hamkorlikda BABALAR PRESS tashabbusini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Bu tashabbus qozoq ajdodlari bilimlarini qayta o‘rganish, tiklash va yangidan tasavvur etish bo‘yicha tajribaviy tadqiqot, yozish va nashr etish loyihasidir.

Aziza Kadiri – jonli va raqamli ijro, tajribaviy liboslar, to‘qimachilik hamda immersiv texnologiyalarga ixtisoslashgan ko‘p qirrali rassom va kurator. Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Aziza hozirda Buyuk Britaniyaning London shahrida istiqomat qiladi. U Pekindagi Tsinghua universitetida moda dizayni bo‘yicha bakalavr darajasini, Londonning Markaziy Sen-Martins kollejida esa ijro dizayni va amaliyoti bo‘yicha magistrlik unvonini qo‘lga kiritgan. Uning loyihalari migratsiya, ko‘chish, ijtimoiy ko‘zga ko‘rinmaslik, shaxsiy o‘ziga xoslik, feminizm va til yo‘qolishi mavzularini o‘rganadi. Kadiri O‘zbekistonning Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan Qizlar mahalliy feminist jamoasining hamasoschisidir. U 60-Venetsiya san’at biennalesida (2024) O‘zbekiston Milliy pavilyonining bosh rassomi bo‘lgan.

Milana Xalilova – Shimoliy Kavkazning Kabardino-Balkariya hududidagi Zalukokoazhe qishlog‘ida tug‘ilgan rassom va dizayner. 2004-yilda Xatuta Berbekov nomidagi Kabardino-Balkariya davlat universitetining dizayn kollejini tamomlagan. 2017-yilda u Fransiyadagi Mixail Shemyakin jamg‘armasi rezidenti bo‘lgan. Yaqingacha u Kabardin-Bolqoriyaning Nalchik shahrida yashagan. U asosan animatsiya, an’anaviy hunarmandchilik usullari va kitob dizayni bilan shug‘ullanadi. Uning kasbiy va ilmiy qiziqishlari orasida xalq, jamoaviy san’atning arxaik shakllari va zamonaviy san’at amaliyotlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir, shuningdek, Shimoliy Kavkazning “murakkab merosi” bilan ishlash kiradi. Uning so‘nggi loyihalari orasida FLEE tomonidan chiqarilgan va nashr etilgan Ulyap Songs: Beyond Circassian Tradition (2023) hamkorlikdagi tadqiqoti ham bor.

League of Tenders – 2018-yilda kuratorlar, tadqiqotchilar va do‘stlar Elena Ishchenko va Mariya Saricheva tomonidan tashkil etilgan xayoliy tashkilot va kuratorlik juftligi. League of Tenders jamoalarni shakllantirish va ulardagi hissiy aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Vaqt o‘tishi bilan League of Tenders nogironlikni tasvirlash, kundalik mehnatning begonalashuvini yengish, falokatlar davrida g‘amxo‘rlik, qo‘llab-quvvatlash va do‘stlik amaliyotlari kabi mavzularga e’tibor qaratdi. Ularning loyihalari g‘oyalar, odamlar va san’at asarlarini kutilmagan sharoitlarga joylashtirish va ularni muloqotga chorlash orqali an’anaviy shakllarni o‘zgartiradi. Juftlik Vleeshalning 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan Ko‘chmanchi Dasturi uchun ko‘chmanchi kuratorlar etib tayinlandi.


Dunyolarni to‘qish: An’anaviy hunarmandchilikni o‘zlashtirish va unga moslashish

Tasvir: Milana Xalilova va uning “Deformatsiya” nomli asari, 2023-yil

Milana: Men ko‘pincha zardo‘zlik kabi an’anaviy hunarlarning o‘tmishda, turli tarixiy sharoitlarda qanday rol o‘ynagani haqida o‘ylayman. Bugungi kunda esa, bu sharoitlar o‘zgargan, bu ularning asl vazifasi yo’qolganini bildiradi. Shunday ekan, bu hunarlar zamonaviy hayotda qayerga tegishli? Menimcha, javob san’at sohasida yotadi. 

Darali: Biz odatda o‘zimizni an’analardan ayri deb hisoblaymiz. Bir yoqda milliy kiyimda an’anaviy qo‘shiqlarni aytayotgan buvilarimiz va boshqa yoqda biz, zamonaviy va boshqacha. Lekin Udmurt etno-futurismi folklor ham zamonaviy bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.  Misol uchun, “Emnoyumno” ijodiy guruhining kimgadir rahmat aytish uchun o’sha vaqtning o’zida yaralgan minnatdorchilik qo’shiqlari bor.

Men an’anaviy kiyimlarni yig‘ish, ularni tiklash va ommalashtirish bilan shug‘ullanaman. Meni eng ko‘p qiziqtiradigani esa – an’analar qanday o‘zgarib borayotgani va zamonaviy hayotga qanday moslashayotganini hujjatlashtirishdir. Masalan, agar kiyim emizikli ona tomonidan kiyilgan bo‘lsa, qulaylik uchun yoqa chuqurroq qilinar, ko‘krak qismi esa maxsus panel bilan to‘ldirilgan bo‘lardi. 21-asrning boshlarida esa janubiy Uudmurt ayollarining an’anaviy kiyimidan oldingi etak butunlay yo‘qoldi – sababi, endi qo‘llarni tezda artishga zarurat yo‘q edi. Shu tariqa xalq kiyimi asta-sekin kundalik hayotdan chiqib, ko‘proq marosimlarda kiyiladigan libosga aylandi.

An’anaviy kiyim uch qismdan iborat: yuqori qismi yuqori olam – xudolar va ruhlarni aks ettiradi; ko‘krakdan belgacha bo‘lgan o‘rta qismi insonlarni; va pastki qismi esa ajdodlar va narigi dunyoni ifodalaydi. Meni doimo kichik detallar hayron qoldirardi: masalan, burma ma’lum bir tomonga qarab dazmollanishi kerak, aks holda marhumnikiga o‘xshab qoladi. Ayolning farzandlari sonini burma va dazmollangan choklardagi qisqichlar aks ettirishi mumkin. Shuningdek, bir taxminga ko‘ra, bu naqshlar kanalardan himoya qilar ekan – parazitlar yuqoriga ko‘tarilib, shu burmalar orasida ilinib qolar ekan.

To‘qilgan naqshlar, kashta va quroqlar faqatgina bezak emas, balki turli olamlar orasida chegara chizib tumor vazifasini bajargan. Masalan kiyim etagi, tiriklar dunyosini o’liklar dunyosidan ajratgan bo’lishi mumkini. Men uchun muhim narsa– bu qismlar ortidagi chuqur ma’nolarni anglash va xalq kiyimlari muzey eksponatiga aylanib qolmasdan, qanday qilib o‘zgariishda davom etishi mumkinligini o‘rganishdir.

Aisha: Urf-odat qayerda boshlanadi? Ular qanday yaratilgan?

Yaqinda, men  atam – onam tarafdagi bobom haqida  bir narsa o‘rgandim. U puxta Sovet odamidek ko’ringan, ilmiy akademiyada kimyochi,  hech qachon ajdodlar qadriyatiga ko‘p e’tibor bermaydigan odamdek ko’rinardi. Shunday bo’lsada, u o‘zining laboratoriyasidan katta-xolamga bo’yoqlar jo’natar ekan. U sababli, xolamning shirdaklari – kigiz gilamlar — har doim eng yorqin va rangli bo‘lgan.

Mening atam va apam – onamning onasi – o’zlari bilmagan holda, oilamiz ichida bilimni yig‘ish, saqlash va avloddan avlodga yetkazish bilan shug‘ullanib kelganlar. Endi esa bu hikoyalar menga aql bovar qilmas kuch bag‘ishlaydi.  O‘ylaymanki, mening badiiy faoliyatim aynan shu haqida – bu bog‘liqliklarni anglash va an’anani o‘zimga xos tarzda talqin qilishga o‘zimga ruxsat berish.

Balki bizga kerak narsa bu o’zimizning milliy libosimizni, o’z talqinimizni yaratishdir. Balki ana shu ovozlar jo‘rligida, an’ana o‘sishda va rivojlanishda davom etar.

_________________________

Tasvir: Adigey ayollarining oltin zardo‘zi bilan bezatilgan milliy libosi (bostey)

Zardo’zlik – tarixan ayollar tomonidan bajarilgan adigey (cherkes) xalqining an’anaviy hunarmandchilik san’atidir. Cherkes tilida “adyge ide” va “dyshe ide” atamalari oltin, kumush va ipak iplar yordamida kashta tikish, soch o‘rish va dastgohda to‘qishning turli usullarini anglatadi. Bu kashtalarning asosiy naqshlaridan biri – romb shaklidir, u ramziy kod sifatida xizmat qiladi.

Milana o’zining Deformatsiya asari uchun ipak lentalaridan markaziy dizayni olmos bo’lgan 6 metrlik mato yaratdi. Bu asardagi ko’p qatlamlar cherkes madaniyatining murakkabligi va teranligini aks ettiradi, qo‘shimcha og‘irliklar esa cherkes madaniy merosining bugungi kundagi holatini ramziy ma’noda ifodalaydi.

Etnofuturizm – adabiyot, musiqa va tasviriy san’atda an’anaviy ijodiy amaliyotlarni qayta talqin qiluvchi harakat hisoblanadi. Eston etnofuturizmi tarafdorlari keyinchalik bu g‘oyani Vengriya, Finlyandiya va Rossiyaning fin-ugor mintaqalari kabi boshqa hududlarga ham olib kirdilar. 1990-yillarning o‘rtalarida birinchi etnofuturistik anjumanlar va simpoziumlar o‘tkazila boshlandi va ular ayniqsa Udmurtiyada faollashdi. Bu yig‘inlarga ko‘pincha ijodiy nomlar berilardi. Masalan, Musho Mu (“Asalarilar yurti”), Odomaa (“Udmurt yurti”, bu yerda maa fin tilidagi “yer” so‘zidan olingan), Gondyr Veme (veme jamoaviy harakat ma’nosini anglatib, uy qurish kabi jamoaviy faoliyatlarga ishora qiladi, gondyr esa “ayiq” deganidir).

Etnofuturistik anjumanlarda taqdim etilgan asarlar turli badiiy janrlarni uyg’unlashtirgan holda, performans, musiqa va teatr elementlarini o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda Udmurt etnofuturistlarining eng taniqli vakillari orasida Fin-ugor shaman orkestri Emnoyumnoni yaratgan Kuchiran Yuri va Jon-Jon Sandir bor. Bu o‘ziga xos ansambl ishtirokchilarni istalgan narsani qo‘lga olib, musiqa yaratishga undaydi, bu esa etnofuturizmning qamrovli va eksperimental ruhini aks ettiradi.

Shyrdak– mozaika texnikasi yordamida tayyorlanadigan an’anaviy qirg‘iz kigiz gilamidir.


Sezgi tarixi va xotira asrovchilari: gender, hamkorlik va bozor

Tasvir: Aziza Kadiri katta buvisi Zulfinisoning paranjisini kiygan holda

Aziza: Hunarmandchilik ko‘pincha tasviriy san’atga nisbatan kamroq obro‘li deb hisoblanadi.Shu bilan birga, u ko’pchilikka tanish bo’lgani uchun, davlat madaniy siyosati ko’pincha hunarmandchilikka urg’u beradi Men o’z ishlarimda, Markaziy Osiyo san’atiga mos kelmaydigan bu sun’iy chegarani tanqid qilish va yo’q qilishni maqsad qilganman.

Venetsiya biyennalesida O‘zbekiston pavilyonini yaratish jarayonida mato ishlab chiqarish korxonalarini boshqaradigan erkaklar bilan ko‘p suhbatlashdim.  Aslida to’qishni ayollar bajarsalar ham, Marg’ilonda chiroyli adras matoni yaratadigan usta hunarmandlar doim erkaklardir. Kulolchilik kabi boshqa hunarmandchilik sohalarida ham xuddi shunday holat kuzatiladi: taniqli ustalar ko‘pincha erkak hunarmandlar sulolasidan yetishib chiqadi. Ushbu sohalarda mashhur ayollar haqida so‘z borganda, xayolga keladigan kamdan-kam ismlardan biri – men Pavilyon uchun loyihada hamkorlik qilgan Madina Kasimbayevadir. Hunarmandchilik ko‘pincha ayollar faoliyati sifatida qaralsa-da, e’tirof va tan olinish asosan erkaklarga nasib etadi. Patriarxal tuzumlarda erkak kishi san’atkor sifatida e’zozlanishi mumkin, ayol esa bunday imkoniyatdan mahrum qoladi.

Madina O‘zbekistonning eng mohir so‘zana tikuvchisi bo‘lib, hozir u ko‘pincha imkoniyati cheklangan yoki og‘ir vaziyatdagi ayollarni shogird qilib olish imkoniyatiga ega. Uning aytishicha, kashta tikish alohida ruhiy holatni talab qiladi. O‘zbekiston Pavilyonida namoyish etilgan moviy parda (instlyatsining bir qismi) ustida Madina va mendan tashqari yigirmaga yaqin kishi mehnat qildi. Loyiha turli ayollarni birlashtirdi. Bu ular odatlangan kashta emas, quroq bo’lgani uchun boshida ishtirok etishga ikkilanishdi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan bu ularning to‘planib, yangiliklar almashishi, suhbatlashishi va duo o‘qishlari uchun sabab bo‘lib – bu makon ularning birgalikdagi hayot tarziga aylandi. Ishonamanki ular o‘z his-tuyg‘ulari va hikoyalarini matoga singdirganlar. Bu ishda ularning o‘z agentligi bor edi – dizayn biroz o‘zgardi va ular mato tanlashda o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ular bu loyiha jarayonida tashabbus ko‘rsatishdi va qarorlar qabul qilishdi – dizayn ma’lum darajada o‘zgartirildi va ular mato tanlash jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Tasvir: Aziza Kadiri
Don’t Miss The Cue, 2024
60-Venetsiya san’at biennalesidagi O‘zbekiston milliy pavilyoni
Foto muallifi: Ivan Erofeev

Milyausha: Bir to‘quvchining qizlari menga onalari faqat ular uchun (har bir qizga besh-oltitadan, jami sakkiz qiz) va qarindoshlari uchun palos to‘qiganini aytishdi. U hech qachon boshqalarga to‘qimagan yoki o‘z ishini sotmagan, boshqirdcha “Мин күҙ нурҙарымды һатмайым” – ya’ni “Ko‘zlarimning nurini sotmayman” deb tushuntirgan. Biroq kүҙ нуры iborasi o‘z mehnati natijalarini ham anglatadi. Yevroosiyo ko‘chmanchi sivilizatsiyalar muzeyida kashtachilik haqidagi loyiha uchun sarlavha izlayotganimizda, ish guruhimizdagi bir keksa ayolning “Күпме күҙ нурҙарын түгеп ултырҙыҡ” – “Bu ishga ko‘zlarimiz nurini (mehnatimizni) qanchalar to‘kdik” degan xabarini esladik.

Milana: Bugungi kungacha an’anaviy cherkes zardo‘zligiga nazar solganimda, qalbimda uyg‘onadigan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalay olmayman. Bu ayollar qanday fikr yuritgan ekan? Qalblarida nimalarni his qilishgan? O‘sha davrda patriarxat bo‘lganmi? Jamiyatda ayollarning o‘rni qanday bo‘lgan ekan? Ichki erkinlikka ega bo‘lmagan inson hech qachon bunday go‘zal asarlarni yarata olmasdi.

Rossiya kontekstida Shimoliy Kavkaz jamiyatida ayollarning o‘rni men uchun eng og‘riqli masaladir. Ayolning roli va majburiyatlari tizimga shunchalik chuqur singib ketganki, u ko‘pincha o‘z istaklari va xohishlarini ham anglamaydi. Uning hayotdagi maqsadi oila qurish, farzandlar tarbiyalash va boshqalarning umidlarini oqlashdan iboratdir. Bu holat boshqalarga nisbatan soxta burch tuyg‘usini yuzaga keltiradi va o‘zligini anglashga imkon qoldirmaydi. Men hali ham bu singib ketgan qarashlar ustida ishlamoqdaman. Mening amaliyotlarim – kigiz bosish va umuman ijodiy faoliyat – bu holatni o‘zgartirish yo‘limdir.

Tasvir: Aziza Kadiri
Don’t Miss The Cue, 2024
60-Venetsiya san’at biennalesidagi O‘zbekiston milliy pavilyoni
Foto muallifi: Ivan Erofeev

Darali: Udmurt madaniyatida ayollar azaldan muhim o‘rin tutib kelgan; ular hayotning ko‘p jabhalarini nazorat qilishgan. Bugungi kunda Udmurt madaniy an’analarini saqlab qolish mas’uliyati asosan ayollar zimmasiga tushmoqda. Chekka joylarda bu an’analarni maktab va kutubxonalarda faoliyat yuritayotgan ayol faollar saqlab qolmoqda. Men ularni “universal ayollar” deb atashni ma’qul ko‘raman, chunki ularning uylari ham ozoda va mehmondo‘st, ham ovqat pishirishadi, hunarmandchilik qilishadi, xalq ansambllarida qo‘shiq aytib raqsga tushishadi, shu bilan birga ijtimoiy va siyosiy faoliyat uchun ham vaqt topishadi. Udmurt ayollarining mavqei shunchalik balandkii, men hech qachon o‘zimni kuchsiz his qilmaganman.Aksincha, ayollar baland mavqeiga ega; ular madaniyat, siyosat, shahar va qishloqlarda turli loyihalarni amalga oshirishga boshchilik qiladi

Bir necha yil davomida men a’zolarining 80 foizi ayollardan iborat bo‘lgan ijtimoiy va siyosiy harakatda ishtirok etdim. Milliy adabiyotda ayollar yetakchilik qilsa-da, muhim badiiy asarlar hamon erkaklar tomonidan yaratilmoqda – ayollar ko‘p yozishadi, ammo asarlari kamroq nashr etiladi. Udmurt milliy liboslari faqat ayollar tomonidan tikiladi. Men faqat bitta erkak to‘quvchi – Aleksandr Chetkaryovni bilaman. Erkaklar hunarmandchilikni tark etib, til va madaniyatni saqlash bilan shug‘ullanuvchi muassasalardan ketmoqdalar hamda yozishni to‘xtatmoqdalar. Buning o‘rniga ular madaniyat sohasida erishib bo‘lmaydigan moliyaviy barqarorlikka intilmoqdalar. Assimilyatsiya mana shunday kechmoqda.

Aisha: Qirg‘iz va qozoq an’anaviy amaliyotlarida gender rollari haqida gapiradigan bo‘lsak, mening fikrimcha, ajdodlarim – genderidan qat’i nazar – transdisiplinar bo‘lishgan. Hamma bir nechta vazifani bajargan, hamma zarur bo‘lgan ishni qilgan. Ba’zilar ayollar yumshoq buyumlar va to‘qimachilik mahsulotlari uchun mas’ul bo‘lgan deyishi mumkin, lekin ayollar o‘tovlarni yig‘ib va qismlarga ajratganini hisobga olsak, bu fikr o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqadi. Erkaklar teri bilan ishlagan deyish mumkin, ammo hunarmandchilik uchun terini ayollar tayyorlagan. Hunarmandchilik barcha genderlar o‘rtasidagi hamkorlik bo‘lgan, xuddi bolalarni tarbiyalash, ovqat tayyorlash yoki chorva mollariga qarash kabi. Bu vazifalar orasida hech qanday ustunlik bo‘lmagan.

Milyausha: Ilgari qishloqlarda to‘quv dastgohlari xonadonma-xonadon o‘tib kelgan. Buvim vafot etgach, bobom uyga to‘quv dastgohini olib kelib, buvim to‘qishga ulgurmagan bolalarga gilamlar to‘qidi. U ham mohir to‘quvchi edi. Bashqort tilida ayollar hunariga mehr qo‘ygan erkaklarni bisäkәй deb atashadi. Bisä  so‘zi “ayol” degan ma’noni anglatgani uchun, bisäkәй ayolga o‘xshash erkakni bildiradi. Bobom ana shunday inson edi va men u bilan juda faxrlanaman.

_________________________

Tasvir: Aziza Kadiri
9 Oy, 2023
Foto muallifi: Alexandr Anufriev

Adras 50% ipak va 50% paxtadan tarkib topgan, qo‘lda to‘qiladigan tabiiy matodir. U an’anaviy tarzda O‘zbekiston va Tojikistonda ishlab chiqariladi. Adras o‘zining pishiqligi, jonli ranglari va uzoq muddat saqlanadigan sifati bilan tanilgan. Biroq, uni tayyorlash jarayoni g‘oyat mehnat talab va vaqt sarflaydigan ishdir.

Suzani (forscha “suzan” so‘zidan olingan bo‘lib, “igna” ma’nosini anglatadi) – ipak yoki paxta iplari bilan maxsus choklar, jumladan basma, yurma va kanda-xayol usullaridan foydalanib tikilgan kashtali matoga aytiladi. Kashta ip gazlama, shoyi yoki baxmalga astar bilan tikiladi va maxsus jiyak yoki qora mato bilan pardozlanadi. Suzani odatda yaxlit kompozitsiyaga ega bo‘lib, keng bezakli hoshiya hamda simmetrik gullar yoki boshqa naqshlar bilan to‘ldirilgan markaziy qismdan iborat bo‘ladi.

Aziza Kadiri o‘zining “To‘qqiz oy” asarida buvisining yo‘qolgan sepi haqida mulohaza yuritadi. Sepdan faqat Jizzax so‘zanasi qolgan ekan. Bu hudud boshqa hech qayerda uchramaydigan o‘ziga xos kashta tikish uslubi bilan mashhur. Mazkur so‘zanining naqshi to‘qqizta doira asosida yaratilgan bo‘lib, Aziza buni o‘z oilasidagi ayollar haqida to‘qqizta kashta hikoyasini yaratishga asos qilib olgan. Bu hikoyalarni kengaytirilgan reallik (AR) orqali ko‘rib chiqish mumkin.


“Bir paytlar tanilgan muallif”: bahs-munozarali nufuz, mualliflik masalasi, anonim holat va xotira yo‘qolishi

Tasvir: Milyausha Abaydullina 2024-yilda They Wove asari ustida ishlamoqda

Milyausha: Bashqort ayollari odatda gilamlariga imzo qo‘yishmagan. Bu amaliy jihatdan noqulay bo‘lishi bilan birga, ularning kamtarligini ham aks ettirardi. Ko‘pi bilan, ular asarning yaratilgan yilini ko‘rsatishlari mumkin edi, ammo bu ham kam uchraydigan hol edi. Men Ukraina yoki Chelyabinskdagi qozoqlar to‘qigan kilimlarda to‘quvchilarning ismlarini ko‘p uchratganman. Bir safar bashqort gilamida “R” harfini ko‘rib qoldim, lekin bu Mokäräma äbeyning o‘g‘li Radikka bag‘ishlovi bo‘lib chiqdi.

Bashqort to‘quvchilari haqidagi kam sonli filmlardan biri Sarvar Surina tomonidan suratga olingan “Miyakinskaya kamalagi – Asali Palas. Bashqortoston xalq to‘qimachiligi ustalari” (2000) filmidir. Sarvar mening tug‘ilgan Miyakin tumaniga borib, u yerda topa olgan barcha to‘quvchilar haqida samimiy hujjatli film yaratgan.

O‘sha filmdagi ayollardan biri bobomning birinchi xotini Hälime edi. Bir kuni u bobomning boshqa bir ayolga – buvimga ko‘ngil qo‘yganini bilib qoldi. Shunda u bobomni tark etishga qaror qildi. Sigirini va qizini olib, qishlog‘iga piyoda qaytib ketdi. Keyinroq esa u bobomdan homilador ekanligini tushunib yetdi. Bu voqea men uchun juda qadrli – u mening shaxsiy va oilaviy tariximning ajralmas qismi hisoblanadi.

Hälime ismi mening “Ular to‘qidi” asarimda tilga olingan. Uni tumanimdagi to‘quvchilarga bag‘ishlab, Sarvarning filmidagi ismlarni va buvilarimning nomlarini ham qo‘shganman. Albatta, gilamda o‘z ismim yo‘q – ularning an’anasiga rioya qilyapman. Uni ko‘rgan ko‘pchilik: “Bu shajara emasmi?” deb so‘rashdi. Garchi men buni shunday o‘ylamagan bo‘lsam-da, u Miyakinskiy tumanim uchun o‘ziga xos shajaraga aylandi.

Tasvir:
Milyausha Abaydullina
They Wove, 2024
To‘qimachilik, jun, akril, paxta

Shuncha to‘quvchilarning ismi unutilib ketishi meni qattiq xafa qiladi. Men uchun har bir to‘quvchi san’atkordir va ular e’tirofga loyiqdirlar. Ular ranglarni tanlaganlar, iplarni bo‘yaganlar, har bir asarda o’zlarining izlarini qoldirishadi. Biz u haqida hech narsa bilmaydigan ayol san’atkorlarning butun bir dunyosi bor bu yerda. Ularni festivallarda yoki ko‘rgazmalarda uchratmaysiz. Ular ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib bormoqda, men esa ular bilan uchrashishni, ishlarini qayd etishni, ulardan o‘rganishni istayman.

Aisha: Qozoq sirmak va qirg‘iz shirdak gilamlariga ham imzo qo‘yilmaydi.Ilk etnografik ekspeditsiyalar esa ismlarni deyarli qayd etmagan. Masalan, Samuel Dudinning ekspeditsiyalaridan olingan fotosuratlarga qarasangiz – suratchi ismini, yillarni, joyni, ekspeditsiya tafsilotlari bilan tanishishingiz mumkin. Ammo buyumlarni yasagan ayollarning ismlari-chi? Hech qayerda uchramaydi. Buyumning o‘zi, u yig‘ilganmi yoki suratga olinganmi, bundan qat’i nazar, muhim hisoblangan, lekin uning yaratuvchisi emas.

Yaqinda Bostondagi Tasviriy san’at muzeyida bir san’at asarining yorlig‘ida odatdagi “Muallifi noma’lum” emas, balki “Muallifi bir paytlar ma’lum bo‘lgan” degan yozuvni ko‘rdim. Rassom bir vaqtlar tanilgan ekan – uning ismining yo‘qolib ketishiga kim javobgar?

______________________________________

Tasvir: Qozoq oilasi. Surat 1899-yilda Samuil Dudin tomonidan, hozirgi Qozog‘istonning Abay viloyatida olingan.

Kilím – qo‘lda to‘qilgan tekis, ikki tomonlik gilam.

Shäjäre (shejire) – bashqortlar, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqa ayrim turkiy xalqlarda an’anaviy ravishda erkak zurriyoti orqali oilaviy nasl-nasabni qayd etuvchi shajaradir. Hozirgi Bashqortostonda yangi bir hodisa – ayol ajdodlarning nomlarini qayd etish va ulug‘lashga qaratilgan “ayollar shäjäre”si paydo bo‘lmoqda.

Samuil Dudin rus va sovet etnografi, rassomi, fotografi hamda kollektsioneri bo‘lgan. U Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Buryatiya bo‘ylab o‘tkazgan ko‘plab ekspeditsiyalari davomida faol suratga olish va batafsil qaydlar yuritish orqali o‘zining ilmiy tajribasini shakllantirgan. Keyinchalik u bu bilimlardan foydalanib, Sankt-Peterburgdagi Etnografiya muzeyining kuratori va asoschilari qatoriga kirgan. Uning asosiy asarlari orasida “Ilmiy ekspeditsiyalarda fotosuratga olish” (1923) va “Markaziy Osiyoda gilam to‘qish” (1928) kabi kitoblar mavjud.


Bilimlarni bilvosita o‘zlashtirish: an’analar, ko‘priklar, to‘siqlar va uzilishlar

Tasvir: Darali Leli Tatyana Moskvina tayyorlagan an’anaviy to‘y soch bezagi ayshonni, Galina Matveeva yasagan monistoni va o‘zi tikkan zamonaviy udmurt libosini kiyib turgan holat
Foto muallifi: Elya Lugovaya

Milyausha: Men Bashqort naqshlaridan ilhom olib gilam to‘qish va mato panellar yaratishga ixtisoslashgan hunarmand ayolman(garchi bu so‘z menga yoqishiga ishonchim komil bo’lmasada). Buvim ham, bobom ham to‘qimachilik bilan shug‘ullanishgan, ammo men bu haqida hech narsa bilmasdim. Buvim esa mening qo‘l mehnati bilan shug‘ullanishimni juda istardi – bizni to‘qishga o‘rgatgani uchun kelinini, ya’ni onamni maqtar, boshqa kelinlarini esa bu hunarni qizlariga o‘rgatmagani uchun koyirdi. Men aslida hunarni Miftahiddin Akmulla noMen hunarni chinakam ma’noda o‘rganishni faqat Miftahiddin Akmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universitetining San’at va grafika fakultetiga kirganimdan keyin boshladim. U yerda dekonimiz Talgat Xasanovich Masalimov bilan tanishdim. U rassom, grafik san’atkor va amaliy-bezak san’ati ustasi edi. 2000-yillarning boshida u an’anaviy Boshqird namat san’atini qayta jonlantira boshladi. U bilan suhbatlashganimda, an’anaviy san’atning naqadar qudratli ekanligini angladim va o‘zimni unga bag‘ishlashga intildim.

Darali: Mening rasmiy ta’limim yo‘q. Udmurt an’anaviy kiyimlari bilan tanishuvim Staraya Monya qishlog‘idagi buvimning kiyim javonini titkilash va onamning udmurt ko‘ylaklarini kiyib ko‘rishdan boshlangan. Bolaligimdan beri bu kiyimlarga e’tibor berib kelardim – masalan, nima uchun bo‘yin doim yopiq bo‘ladi va nega yoqada doimo uchta tugma bor? Universitetni tugatganimdan so‘ng, mahalliy dizaynerlar ishtirok etgan moda ko‘rgazmalarini tashkil etish, an’anaviy bichimlar asosidagi zamonaviy ko‘ylaklarni o‘rganish bilan band bo’ldim va udmurt tikuvchilik ustasi Tatyana Nikitichna Moskvinadan saboq oldim. U esa o‘z bilimlarini udmurt tikuvchilik sirlarini u bilan bo‘lishgan yoshi katta ayollardan to‘plagan edi.

Milana: Do‘stim, rassom Ruslan Mazlo an’anaviy arjen hunarmandchiligi, ya’ni qamishdan bo‘yra to‘qish bilan shug‘ullanadi. U bu hunarni onasidan o‘rgangan, onasi esa buvisidin – bu san’at uning oilasida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Ruslan ushbu hunarmandchilikni an’anaviy shakldan zamonaviy san’atga aylantirdi va hozirda bu uning tirikchiligi va oilasining asosiy daromad manbaiga aylandi. Men kigizchilik bilan shug‘ullanaman, lekin oilamda bu hunar avloddan-avlodga o‘tib kelmagan – oilamda hech kim kigizchilik bilan shug‘ullanmagan. Bu hunarni kollejda o‘qiyotganimda rangtasvir o‘qituvchim Larisa Abayevadan o‘rgandim.Biz yaqin bo‘lib qoldik va men u bilan darslardan so‘ng birga ishlashni boshladim.

Tasvir: Milana Xalilova kigiz bilan ishlayapti
Foto muallifi: Maksim Kerjensev

Aisha: Afsuski, yaqin qarindoshlarimdan hech biri – na onam, na apam menga kigiz bosishni, shim-shi yasashni yoki an’anaviy naqshlarni o‘rgatmagan. Bilishimcha, ularga ham buni hech kim o‘rgatmagan. Ammo ulg‘ayganimda, apam va onamning qo‘llari qanchalik chaqqon ekanligini anglab yetdim. Apam menga to‘qishni o‘rgatdi. U jun sotib olib, bo‘yar va o‘zimiz hamda oilamiz uchun to‘qirdi. To‘qish qirg‘izlarning an’anaviy hunari bo‘lmasa-da, sovet davrida keng tarqalgan odat edi va apam bu an’anani menga meros qilib qoldirdi.

Bilim doimo to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilmaydi – u kuzatish orqali, shunchaki atrofda bo‘lish bilan ham o‘zlashtiriladi. Yaqinda jun bo‘yashni o‘rganayotganimda, qaynoq suvda bug‘lanayotgan junning hidi dimog‘imga urildi va bolalikdagi bir xotirani uyg‘otdi – sovuqdan qaytganimdan so‘ng radiatorga qo‘yilgan apamning qo‘lda to‘qilgan shimlaridan taralayotgan iliq, nam jun hidi. Bir jihatdan, to‘qish orqali apam oilamizning junchilik bilan bog‘liq aloqasini saqlab qolishga erishgan edi.

Milyausha: “Miyakin kamalagi – Asaly Palas. Boshqirdistondagi xalq to‘quvchiligi ustalari” nomli hujjatli filmda, film ijodkorlaridan biri to‘quvchilardan hunarlarini keyingi avlodga o‘tkazayotganlarini yoki o‘tkazmayotganliklarini so‘raydi. Ayollardan biri hozirgi kunda hech kim, ya’ni mening onam avlodi, bunga qiziqish bildirmayotganini aytdi. Film qahramonlaridan biri bo‘lgan, onamning qishlog‘idan to‘quvchi Mo‘sliämä ham biz uni ziyorat qilganimizda bizning qiziqishimizni to‘la tushunmadi. Biroq men uchun u hayotligida u bilan uchrashish va suhbatlashish juda muhim edi. Mo‘sliämä uchun gilamlar va uning mahorati shunchaki kundalik hayotning bir qismi edi, xolos.

Mo‘sliämäda men ulkan qizil atirgullar tasviri tushirilgan palosni ko‘rdim. Boshqort ayollari bunday paloslarni XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab to‘qiy boshlagan. Ular naqshlarni ukrainalik va beloruslik hunarmandlardan, shuningdek to‘qish chizmalaridan (aytgancha, bu juda qulay usul), ochiq xatlardan va hatto o‘sha paytda paydo bo‘lgan shokolad qutisi o‘ramlaridan o‘zlashtirgan. Ko‘pincha naqshlar bir to‘quvchidan boshqasiga o‘tib borgan. Agar qishloqqa yangi kelin kelsa, u o‘zi bilan yangi gilam olib kelardi. Qishloq ahli bu naqshni ilgari ko‘rmagan bo‘lsa, mahalliy to‘quvchilar uni o‘rganib, o‘z ishlarida qo‘llashardi. O‘sha paytlarda ular eskiz chizmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri asl gilamga qarab to‘qishardi. Yangi gilamlar muhim ahamiyatga ega edi, chunki odamlar kamdan-kam sayohat qilardi. Shu bois, yangi naqshlar yaratish va bezaklarni rivojlantirish qiziqarli va qadrli jarayonga aylangan edi.

Darali: Suhbatlarimiz ham bilimni avloddan-avlodga yetkazishning bir usuli. Biz yagona organizm kabimiz – agar menga biror narsa yetishmasa, boshqa kishi bu bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin va aksincha.



______________________________________

Tasvir: Almatida o‘tkazilgan qog‘oz naqshlar yasash ustaxonasi, Aisha Jandosova rahbarligida va QAYTA andozalaridan foydalangan holda.
Foto muallifi: Sima Omarqulova

Arjen – cherkeslarning an’anaviy bo‘yra to‘qish hunari bo‘lib, uni ham erkaklar, ham ayollar amalga oshiradi. Bunday bo‘yralar asosan qamishdan tayyorlanadi.

Shim-shi yoki Chiy qozoq va qirg‘iz xalqlarining an’anaviy bo‘yrasi bo‘lib, u cho‘l qamishining bir turi hisoblangan shi yoki chiy o‘simligining poyalaridan to‘qiladi.

Kigiz tayyorlash an’anaviy, ammo aslida cherkeslar uchun xos bo‘lmagan junni qayta ishlash usuli hisoblanadi. Cherkeslar kiyimning alohida qismlarini yaratishda jundan foydalanganlar, biroq ular yagona syujet yoki naqshlar bilan bezatilgan katta kigiz matolarini an’anaviy tarzda ishlab chiqarmaganlar. Kigiz tayyorlash texnikasi bashqort, udmurt, o‘zbek, qirg‘iz va qozoq xalqlarining madaniyatlarida ham uchraydi.


Kashtachilikdagi arxivlar: Palimpsestik o‘tmishni saqlash

Tasvir: Aisha Jandosova amaliyoti uchun namuna tasviri
XX asr boshlarida Shimoliy Qozog‘iston viloyatining Qiziljar shahri yaqinida tayyorlangan tuskiyizning (gilamcha turi) janubiy qismidagi jeli (hoshiya) naqshi.
Foto muallifi: Klavdiy Chennikov

Aziza: Naqsh yozma tilga o‘xshaydi, uni turlicha talqin qilish mumkin. Xalq orasida kashtachilar, an’analar saqlovchilari va kashta sotuvchilari tomonidan beriladigan talqinlar bir dunyo. Boshqa tomondan, tarixga, zardushtiylik ta’siriga va boshqa omillarga e’tibor qaratadigan ilmiy yondashuv ham bor. Bu yondashuvlar qanday bog‘langanini hali to‘liq anglab yetmaganman. Omillar juda ko‘p. Masalan, sovet davrida siyosiy tuzumning o‘zgarishi, dinning siqib chiqarilishi va boshqa sabablar tufayli ko‘p bilimlar yo‘qolib ketdi. Faqatgina xalq orasidagi talqinlar saqlanib qoldi. “Chur chirog‘“ naqshini olaylik.Bugungi kunda odamlar buni xalq ongida turlicha talqin qilishadi: ba’zilar uni “bodom” yoki “bodomgul” deb atashadi – bu bodomga o‘xshash, kashtachilik maktabiga qarab turli shakllarda namoyon bo‘ladigan naqsh hisoblanadi. Ammo tarixan bu naqsh zardushtiylik davrida keng tarqalgan to‘rt pilikli chirog’ tasviriga asoslangan. “Chur chirog‘,” boshqa ko‘plab tasvirlar singari, islom dini kirib kelganidan so‘ng ko‘proq o‘simliksimon shaklni olgan. Yana bir misol –“zuluk” naqshi, S harfi shaklida bo‘lgan an’anaviy naqsh. O‘zbek tilida u “zuluk” deb ataladi va xalq orasida “zuluk” yoki “ilon” sifatida ham tanilgan. Markaziy Osiyo amaliy san’ati tadqiqotchilaridan biri Elmira Gulning fikricha, bu naqsh zardushtiylikdagi yaxshilik va yomonlikni ifodalovchi bir-biriga chirmashib ketgan ikki ilon obrazi bilan bog‘liq bo‘lib, uyg‘unlik va dunyoning ikki tomonlamaligi tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Aisha: Naqsh – ajdodlarimiz muloqot qilishda foydalangan tildir. Men ba’zi naqshlarni xotiramda saqlashga va ularni qayta yaratishga harakat qilaman. Shunday qilib, asta-sekin naqsh yana mening vujudimga singgan bilimga aylanadi. “Eslash” (Remember) so‘zining negizida “a’zo”(‘member’), ya’ni qism yoki bo‘lak ma’nosi yotadi. Bezak san’ati kabi bilimlarni men qanday qilib yana tanamning bir qismiga aylantira olaman?

Tasvir: Aisha Jandosova
XX asr boshlarida Shimoliy Qozog‘iston viloyatida (Qiziljar yaqinida) Klavdiy Shennikov tomonidan suratga olingan tuskiyizning janubiy tomonidagi jeli naqshining qog‘ozdagi nusxasi
Foto muallifi: Aisha Jandosova

Biz nafaqat o‘zimizning kimligimizni unutishga, balki o‘zimizga butunlay boshqacha va noto‘g‘ri qarashga majbur bo‘lganga o‘xshaymiz. Misol uchun, ajdodlarimizda tuya ko‘zi va tuya tuyog‘i shaklidagi bezaklar bo‘lgan. Ammo atigi bir necha yil oldin Almatida ulkan tuya tasviri tushirilgan va “Tuyaga o‘xshamang!” degan yozuvli e’lon taxtalarini ko‘rish mumkin edi. Shahar ma’muriyati odamlarni jamoat joylarida tupurmasligini nazarda tutgan. Biroq ota-bobolarimiz uchun tuya muqaddas hayvon hisoblangan.  Dashtda, juda qattiq landshaftda, ayniqsa qishda, sovuq yerni toshdek qattiq qilganida, tuyalar uzoq vaqt suvsiz yashay oladigan yoki oziq-ovqat topish uchun tuyoqlari bilan muzlagan yerni kovlaydigan kam sonli hayvonlardan biri edi. Tuya dashtdagi hayotning hamrohi va hamkori edi. Tuyaga bo‘lgan hurmat shu qadar yuksak ediki, tuya juni faqat juda qimmatbaho buyumlar – kamarlar yoki cherkes (kiyim turi) uchun ishlatilgan, ular ham tumorlar sifatida qaralgan. Juda kam odam tuya junidan gilam to‘qib, uning ustiga qadam qo‘yishga jur’at etgan. Ajdodlarimiz: “Tuyaga o‘xshang, tuyadan o‘rgan!” deb o‘ylashgan. Bugungi kunga kelib esa, bu muhim hayvon g‘alati xatti-harakatlar ramziga aylanib qoldi.

Milana: Menimcha, an’anaviy zardo‘zlik naqshlari cherkeslarning butun turmush tarzi bog‘liq bo‘lgan cherkes bog‘lari va muqaddas daraxtlari bilan uzviy aloqador. Men rus-kavkaz urushi paytida muqaddas daraxt kesilishi voqeasini tasvirlagan general Filipsonning qaydlarini o‘qidim. Askarlar daraxt tanasini kesayotganda, uning tagida tosh borligini ko‘rib hayratlanishgan. Bu nimani anglatadi? Cherkeslar ichida toshi bo‘lgan daraxtlarni qanday o‘stirgan? Bu haqida ko‘plab savollar tug‘iladi. Men muqaddas daraxtlar tagida toshlar mavjudligini tasdiqlovchi arxiv fotosuratiga duch keldim. Ehtimol, daraxtning tagiga katta xarsangtoshlar qo‘yilgan, bu esa daraxtning chidamliroq bo‘lishi va uzoqroq umr ko‘rishini ta’minlagan. Shunday bir kashta borki, unda aynan tosh va uning ustida o‘sayotgan daraxt tasvirlangan. Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanayotgan yana bir kashta ham bor. U yerda bu kashta “Gul solingan vaza” deb ta’riflangan. O‘tmishda cherkaslarda gullar solingan vazalar bo‘lgani yoki bu narsa kashtachilikda saqlanishga arzigulik darajada muhim bo‘lgani ehtimoldan uzoq. Mening nazarimda, cherkes bog‘lari bilan o‘xshashliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
________________________________

Tasvir: Cherkes muqaddas daraxti

Cherkes bog‘lari – bu asrlar davomida cherkeslar tomonidan rivojlantirilgan va takomillashtirilgan yovvoyi mevali o‘simliklarni ekish va payvandlash usuli. Bu usulda nok, olma, olxo‘ri, behi, kashtan va boshqa ko‘plab mevali daraxtlar o‘stirilgan. Yovvoyi o‘rmon daraxtlarini payvandlash orqali yangi hosildor navlar yaratilgan. Cherkes bog‘lari keng hududlarni qamrab olgan. Ammo Rossiya-Kavkaz urushi va mustamlakachilikning oqibatida ko‘plab cherkeslar o‘z an’anaviy yerlarini tark etishga majbur bo‘ldi va natijada bu qadimiy bog‘dorchilik usuli deyarli yo‘qolib ketdi.


Ajdodlarimiz amaliyotlarini qayta tiklash: unutish va xotirlashning sezgi tarixnomasi

Tasvir: Darali Leli
Qamoqxona jargonli udmurt libosi
Lokchimlag mehnat tuzatuv lagerining joylashgan joyda yaratilgan maxsus asar
Revolt Center tomonidan suratga olingan

Aisha: Biz o‘zimizni unutib qo‘yganimiz bu asosiy imperiya zo‘ravonligidir. Shoir Ross Gey bir paytlar aytganidek, ko‘pchiligimizning ajdodlarimiz uchun qiyomat allaqachon yuz bergan. Qiyomat – dunyolar, turmush tarzi, dunyoqarash va urf-odatlarning yo‘q bo‘lishi – biz tanamiz bilan his qiladigan hodisadir. Ba’zi Markaziy Osiyo xalqlari uchun bu majburiy o‘troq hayotga o‘tkazilganimizda sodir bo‘lgan edi.

Milana: Cherkeslarning daraxtlar bilan o‘ziga xos aloqasi bo‘lgan, ammo bu aloqa 1763-1864 yillardagi Rossiya-Kavkaz urushi va mustamlakachilik oqibatida unutilib, yo‘qolib ketgan. Muqaddas daraxtlar kabi, cherkes bog‘lari ham urush davrida yangi qal’alar va yo‘llar qurilishi uchun kesib tashlangan. Cherkes bog‘lari haqida faqat ayrim tavsiflar saqlanib qolgan, bular ham asosan mahalliy aholidan emas, balki urush paytida Kavkazga tashrif buyurgan sayyohlar, tadqiqotchilar va rus generallarining yozib qoldirgan ma’lumotlaridir.

Men cherkeslarni ideallashtirmoqchi emasman – bizning tarixda qullik, odam savdosi va xiyonatlar bo‘lgan. Ammo bu bog‘larni yaratgan odamlar tuproqni, yerni, havoni qanday chuqur his qilgan bo‘lsalar kerakki, bu muhit bilan shunchalik uyg‘unlasha olishgan?Garchi sanog‘li fotosuratlar qolgan bo‘lsa-da, ular ham insonlar va daraxtlarning bir-biriga chambarchas bog‘liq ikki sezgir mavjudot ekanligini aks ettiradi.

Cherkes bog‘lari ekotizimning ajralmas qismi edi – o‘rmonlar, landshaftlar, qushlar, hayvonlar va hasharotlar bilan uyg‘unlashgan holda. O‘rmon doimo ustunlik qilgan. Bog‘lar oziq-ovqat manbayi bo‘lgan, ammo ularni parvarish qilish uchun hamjihatlik bilan ishlash va avloddan-avlodga o‘tib kelgan bilimlar talab qilingan. O‘rmonga kirgan har bir kishi ma’lum marosimlarni bajarishi shart edi. Hammaning hayotini belgilaydigan umumiy bilimlar va qoidalar majmui mavjud edi. Bu o‘ziga xos eko-davlat edi. Nima uchun cherkes bog‘lari kelajakni qurish uchun namuna bo‘lib xizmat qiladigan umumiy, universal tajribaga aylanmasligi kerak? Afsuski, men cherkes bog‘lari va bizning jarohatlarimiz haqida vatanimda gapira olmayman. Adigeyada cherkes bog‘lari mavzusini ko‘tarishga norasmiy taqiq mavjud – masalan, davlat grantlariga ariza topshirishda. Bu esa ushbu an’analarning unutilishiga qarshi kurashni yanada qiyinlashtiradi.

Tasvir: Darali Leli
Qamoqxona jargonli udmurt libosi
Lokchimlag mehnat tuzatuv lagerining joylashgan o‘rnida yaratilgan maxsus asar
Revolt Center tomonidan suratga olingan

Darali: Men Udmurt gimnaziyasida ishlaganman. Uning muzeyini tasavvur qiling. Bu gimnaziyaga nomi berilgan Udmurt milliy rahbari va shoiri Kuzebay Gerd haqidagi hikoyani qanday so‘zlab beramiz? U qatag‘on qilinib, Solovki qamoq lagerida qatl etilgan. Masala “murakkab meros” bilan qanday ishlashda.  Bir tomondan, biz o‘quvchilar bilan SOFIN ishi va uning oqibatlari haqida suhbatlashishimiz zarur. Biroq, ikkinchi tomondan, ularga tarixning bu qayg‘uli sahifalarini o‘rganish va chuqurroq anglash imkoniyatini berish ma’qulroq emasmi?

Aisha: Go‘zallik orqali, donolik orqali, biz unutishga majbur etilgan insonlarning muqobil hamjihatligi orqali so‘zlash – bugungi kun va kelajak uchun yanada ijobiyroq bo‘lgan muqobil yondashuvdir. Men o‘z farzandimga aynan shunday tarixni o‘qib berishni hohlardim. Bu go‘zallik tarixi. Bizning xalqimiz faqat jang qila oladigan va insoniy ehtiyojlari bo‘lmagan jangchilar emas – ular bog‘lar barpo etishgan, ularni parvarish qilishgan va bu ishlarni barcha gender vakillari bajarishgan. Qanday qilib biz o‘zimizni epik hikoyalardagi jangchilar sifatida emas, balki kundalik hayotda, mehnatda, jamoaviy sa’y-harakatlarda eslay olamiz? Biz o‘z amaliyotimizda chiqarib tashlangan dunyolarni saqlab qolish va qayta tiklash bilan shug‘ullanamiz. Roland Vaskes va Saodat Ismoilova suhbatida ular ichimizdagi bu olamlarni eslab qolish naqadar muhimligini ta’kidlashadi. Men o‘z loyihalarimda aynan shu bilan shug‘ullanmoqchiman va shuning uchun hunarmandchilik amaliyotlarini tanlayman.

Tasvir: Darali Leli
Qamoqxona jargonli udmurt libosi
Lokchimlag mehnat tuzatuv lagerining joylashgan o‘rnida yaratilgan maxsus asar
Revolt Center tomonidan suratga olingan

Madina Tlostanova men uchun juda katta qahramon, chunki u menga til ato etdi. Uning fikriga ko‘ra: “ Mustamlaka davridan sakrab o‘tib, o‘tmishga, mustamlakagacha bo‘lgan davrga qaytaysak va u yerda ajdodlarimiz bilan vaqt o‘tkazib, ulardan o‘rgansak qanday bo‘lardi? Shundan so‘ng nima yuz beradi? Nimalarni eslay olamiz?” Bunda unga Adolfo Alban Achinte tomonidan ilgari surilgan re-ekzistensiya tushunchasi va amaliyoti yordam beradi. Ushbu usul ajdodlarimizning amaliyotlarini qayta tiklash va shu orqali bizga qanday ma’lumotlar yetib kelishini kuzatishni o‘z ichiga oladi. Bu hunarmandchilik amaliyotlari, shuningdek, hidlar, ta’mlar va ranglar bo‘lishi mumkin. Re-ekzistensiya ikki qismdan iborat: qarshilik ko‘rsatish akti va boshqacha, yangicha tarzda yashash ma’nosidagi “yangidan mavjud bo‘lish”.

Mening butun amaliyotim takrorlashga, ajdodlarimiz qilgan ishlarni qayta yaratishga asoslangan. Ko‘chmanchi Markaziy Osiyo xalqlari o‘zlarining moddiy dunyosini yaratganlar. O‘z ichimizdagi yaratuvchilar, orzumandlar va g‘amxo‘rlarni qanday eslaymiz? Biz bizdan keyingi avlodlar uchun kelajakni yaratadigan ajdodlarmiz.

Milyausha: Bu menga etnofuturistlarning har bir qishloqda ichki Udmurtiyani izlashi haqidagi so‘zlarini eslatadi. Bir safar, ular o‘tkazgan simpozium tufayli, men Albert Razin tug‘ilgan qishloqqa tashrif buyurdim. U shunday hayotga to‘la ekan! Ular kooperativ asosda sut yig‘ib sotishadi, bayramlar va kechalar uyushtiradi, hattoki o‘z ansambliga ham ega. Ular taslim bo‘lishni xayollariga ham keltirmayapti! Bugungi kunda shunday qishloqni ko‘rish kamyob baxt hisoblanadi.

_______________________

Tasvir: Kuzebay Gerd

Kuzebai Gerd – udmurt shoiri, nasrnavisi, dramaturg, tarjimon, etnograf, folklorshunos hamda milliy va jamoat arbobi bo‘lgan. U 1937-yilda udmurt millatchiligida ayblanib qatag‘onga uchragan va Solovki qamoq lagerida qatl etilgan. Kuzebai Gerd soxta SOFIN (Fin-ugor xalqlarini ozod qilish ittifoqi) ishi bo‘yicha jabrlanganlardan biri edi. Turli manbalarga ko‘ra, bu ish doirasida 28 dan 31 nafargacha shaxs, jumladan, udmurt, komi, erzya, mari, mordovia va karel millatiga mansub yozuvchilar, shoirlar va etnograflar qatag‘on qurboni bo‘lgan.

Batyr(Botir) – mo‘g‘ul va turkiy xalqlarda harbiy jasorati uchun beriladigan faxriy unvon bo‘lib, xalq og‘zaki ijodida mashhur jangchilarni tasvirlash uchun ham qo‘llanilgan. Bu atama turkiy xalqlar folklorida keng tarqalgan va kundalik hayotda shaxs ismi sifatida ham ishlatiladi. Mustamlakachilik nuqtai nazaridan, mo‘g‘ul va Markaziy Osiyo xalqlarining botirlik timsoli hamon ustuvor bo‘lib, bu xalqlar vakillarini ehtiyojlardan xoli va imperiya chegaralarini qo‘riqlashga qodir ideal jangchilar sifatida tasvirlashga xizmat qiladi.

Albert Razinudmurt tilini asrash va rivojlantirishga umrini baxshida etgan udmurt faoli va olimi edi. 2019-yil 10-sentyabrda u ozchilik tillarini ixtiyoriy o‘rganish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi norozilik bildirib, o‘zini yoqib yubordi. Mazkur qonun loyihasi udmurt tilida so‘zlashuvchilar sonining kamayishiga tahdid solayotgan edi. U ko‘tarib turgan shiorida dog‘istonlik shoir va yozuvchi Rasul Hamzatovning “Agar ertaga tilim yo‘qolsa, men bugun o‘lishga tayyorman” degan so‘zlari bitilgandi.


O‘chirilgan arxivlar: Tasavvur tarixiy usul sifatida

Tasvir: Aisha Jandosova o‘z qo‘li bilan yasalgan o‘yinchoq o‘tovning namunasini yaratmoqda

Aisha: Yelkalarida turib olg‘a intilayotgan insonlarimizning hayot qissalarini qanday so‘zlab beramiz? Qora tanli olima va tarixchi Saidiya Xartman tanqidiy fabulatsiya tushunchasini yaratdi. U o‘z faoliyatining boshida qullikda yashagan odamlar – o‘z xalqining tarixi qanday yoritilayotganidan ko‘ngli qoldi. Bu insonlarning hayoti yo arxivlarda umuman aks etmagan, yoki faqat qul egalarining yozuvlarida qayd etilgandi. Xartman o‘ziga tanqidiy tasavvurdan foydalanish, tanqidiy hikoya qilish bilan shug‘ullanish huquqini berdi. Menimcha, u bu bilan: “Ha, men arxivlar va hujjatlar bilan ishlayman, lekin ularning cheklovlari va kamchiliklarini ham tan olaman. Men tanqidiy tasavvurimdan foydalanib, bu bo‘shliqlarni xalqimning hikoyalari bilan to‘ldiraman”, demoqchi

Tarixi ataylab o‘chirib tashlangan insonlar haqidagi hikoyalarni yana qanday usulda so‘zlab berish mumkin? Biz uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qahramonlarimiz to‘g‘risida, ularning aksariyat ma’lumotlari sovet yoki etnik-millatchilik targ‘iboti ta’sirida shakllanganini tan olgan holda, qanday gapirish lozim? Bilaman, rus tilida “taxmin” so‘zi salbiy ma’noni anglatadi, ammo Kuzebai Gerd singari shaxslarni ulug‘lamasdan, ularga yaqinroq bo‘lish uchun balki taxmin yuritish va tasavvur qilish zarurdir. Tasavvurning tarixning bir qismi bo‘lishiga yo‘l qo‘yishimiz mumkinmi?

Darali: Menimcha, Rossiya hozirda milliy o‘zlikka ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda, uning haddan ortiq ko‘zga tashlanishi va keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilmoqda. Hatto Udmurt Respublikasida ham udmurt tilining faol qo‘llanilishiga ruxsat berilmayapti. Davlat Udmurt madaniyatining barcha uchun tushunarli bo‘lgan jihatlarini, misol uchun Udmurt oshxonasini, bir xillashtirilgan ko‘p millatli makonga moslashtirishni istayapti. Boshqa tomondan, milliy o‘zlikni anglashning noan’anaviy usullari yashirin tarzda davom etayotganga o‘xshaydi.

1990-yillarda rassom va me’mor Qosim Galixonov Udmurt etno-futurizmi hamda fin-ugor madaniy aloqalaridan ilhomlangan holda Udmurt ma’naviy madaniyati markazini tasavvur qilgan edi. Finlyandiyalik Alvar Aalto va vengriyalik Imre Makovech kabi me’morlar o‘z loyihalarini tabiatga asoslantirib, tabiat va koinot o‘rtasidagi aloqani tadqiq etishgan. O‘sha paytda Udmurt etno-futurizmi milliy madaniyatga ancha mavhum va tajribaviy yondashuv taklif etgan edi. Bugungi kunga kelib, xalq madaniyatiga bo‘lgan qarash ancha konservativ tus oldi, etno-futurizmning dadilligi esa so‘nib qoldi.

Milana: Bugungi kun o‘tmishga qanday murojaat qilayotganiga qaraganda, bizni to‘liq qoniqtiradigan kelajak hali shakllanmayotganga o‘xshaydi. Biz o‘zimizni jang maydonidagi qo‘rqmas cherkes – jangchining romantiklashtirilgan obrazi orqali tasavvur qilamiz. Ko‘pincha cherkeslar o‘z tarixini faqat Rossiya-Kavkaz urushidan – bu fojiali voqeadan, bu ruhiy jarohatdan boshlab biladilar xolos.

Uzoq vaqt davomida respublikamizda cherkes tilida chiqadigan yagona bolalar nashri bo‘lgan san’at jurnalida ishladim. Tahririyatimizga keksa avlodga mansub ko‘plab cherkas ziyolilari tez-tez kelib turardi. Bu jarohatli tajribani boshdan kechirgan sovet avlodi edi, ular Cherkasiyaning romantiklashtirilgan orieyental o‘tmishini qo‘msashardi. Ular uchun cherkaslar eng yuksak e’tiborga sazovor edi. Shu bilan birga, aynan o‘sha odamlardan bizga madaniyatni Rossiya imperiyasi olib kelgani haqidagi gaplarni ham eshitardim. “Bizda yozuvchilar yo‘q edi, keyin yozuvchilar paydo bo‘ldi. Bizda bastakorlar bo‘lmagan, keyin bastakorlar paydo bo‘ldi.” Bir-biriga butunlay zid bo‘lgan, biroq birdek mustamlakachi ikkita qarashning bir ongda yonma-yon mavjud bo‘la olishi kishini hayratga soladi.

Cherkas bog‘lari hodisasi cherkas madaniyatining, afsuski, juda oz kishi biladigan boshqa qirrasini namoyon etadi. Bu mavzuni qancha chuqur o‘rgansam, shuncha tushunib yetyapmanki, mening vazifam odamlarni tarafkashlikka berilishdan, o‘tmish yoki bugunni dushmanlik va o‘ziga achinish kayfiyatida rad etishdan saqlaydigan so‘zlashuv usullarini topishdir. Men bu muloqot bir turdagi shifo vositasi vazifasini bajarishini xohlayman.

Darali: Bir safar Ijevskdagi yoshlar san’at rezidensiyasida ishlayotganimda, rus mumtoz adabiyotiga bag‘ishlangan bir to‘p otkritkalarga duch keldim. Men ularning barchasiga udmurtcha ismlar berdim. Masalan, Aleksandr Sergeyevich Pushkin Sergey Sandirga aylandi. Udmurt an’anasida familiyalar ko‘pincha ota yoki ona ismidan kelib chiqadi. Aytish mumkinki, men ularni “udmurtlashtirdim”. Kurator Anton Valkovskiy bunga e’tibor qaratdi va uni badiiy ifoda sifatida qabul qildi.


Birdamlikning noverbal tarmoqlari

Tasvir: Milyausha Abaydullina
Tell me, traveller
To‘qimachilik, jun, akril, paxta
Foto muallifi: Rushana Yunusova

Milyausha: Ko‘plab ko‘chmanchi va tub aholi uchun to‘qimachilik an’ananing g‘oyat muhim qismi hisoblanadi. Bu nafaqat Lotin Amerikasida, balki Markaziy Osiyoda ham shunday. Umuman olganda, materialning o‘zi — jun — issiq va tanish tuyuladi. To‘qimachilik an’analarining qanday tarqalishini kuzatish menga zavq bag‘ishlaydi. Masalan, bashqort ayollari Bashkortostanda istiqomat qiluvchi ukrain va belorus ayollaridan ko‘plab usullarni o‘rganib, o‘zlashtirib olishgan. Shuningdek, Shimoliy Amerikaning mahalliy to‘quvchisi Barbara Teller Ornelasning so‘zlarini ham keltirmoqchiman. Undan “Siz ko‘plab mamlakatlarga sayohat qilasiz; U yerlarda qanday umumiylikni topasiz?” deb so‘rashganda, u shunday javob bergan:

Biz shunchalik o‘xshashmizki, go‘yo hammamiz bir oilada to‘quvchi bo‘lib ulg‘ayganmiz, keyin turli yo‘llardan ketganmiz, lekin uyimizdan o‘rganganlarimizni o‘zimiz bilan olib ketganmiz. To‘qishning o‘ziga xos tili bor. <…> Men ularga o‘z ishimni tushuntirayotganimda, so‘zlarim avval ispan tiliga, keyin kechua tiliga tarjima qilindi. Ular menga o‘z hikoyalarini aytib berayotganlarida esa aksincha bo‘ldi. Ammo to‘qimachilikka kelganda, ular mening aytmoqchi bo‘lgan gapimni allaqachon tushunishardi, chunki to‘quvchilarning o‘z tili mavjud. O‘zbekiston va Qirg‘izistonga borganimda ham xuddi shunday holat yuz berdi. Men ishimni tushuntirayotganimda barcha to‘quvchilar bosh qimirlatib tasdiqlashardi. Hammamizda bir xil asboblar bor: urchuqlar, junni tarash asboblari va konuslar. O‘zimni xuddi uydagidek his qildim. Qirg‘izistonda bo‘lganimda, menga alohida o‘tov berishdi, men esa “Bu mening Hoganim” deb o‘yladim.

Darali: Udmurt xalq og‘zaki ijodida “chiroyli” so‘zi – bukaris’ – “uzoqdan, Buxorodan keltirilgan” ma’nosini anglatadi. Bu so‘zning kelib chiqishi Volga Bulg‘oriyasi davriga borib taqaladi. O‘sha paytlarda Buxorodan kelgan karvonlar bizga go‘zal matolar olib kelardi. O‘zim uchun tanlagan ismim – Darali – “zarbof” yoki “ipak” degan ma’noni bildiradi. Udmurt tilida “pahlavon” so‘zi janubda alangasar, shimolda esa zerpal deb yuritiladi. Zerpal Komi-Ziriylarga ishora qilib, “Ziriylar yurtidan” degan ma’noni beradi. Alangasar esa alanlar va xazarlarning ko‘chmanchi qabilalariga bog‘liq bo‘lib, udmurtlar ular haqida ma’lum darajada bilimga ega bo‘lishgan va bu xalqlar bizning afsonalarimizda pahlavonlar qiyofasida saqlanib qolgan. Shunday qilib, bizning Markaziy Osiyo va Shimoliy Kavkaz bilan aloqalarimiz qadimiy dostonlar davriga borib taqaladi.

 __________________________

Hogan – Navaxo xalqining an’anaviy uyi bo‘lib, odatda loy yoki tuproqdan quriladi. U ko‘pincha dumaloq shaklda, gumbazsimon tomli bo‘lib, oila yashashi uchun mo‘ljallangan. Hogan tabiat bilan uzviy aloqani ifodalaydi va o‘tovdan farqli o‘laroq, mahalliy materiallardan foydalanilishi hamda o‘ziga xos qurilish usullari bilan ajralib turadi.


Mustamlakachilik yaralari, fojiaviy umidvorlik va g‘amxo‘rlikning mehr tili

Tasvir: Aziza Kadyri
Her stage, 2023
ikki kanalli ovozli video

Milana: 21-may kuni biz Rossiya-Kavkaz urushi qurbonlarini xotirlaymiz. Bolaligimizda bu haqda bizga o‘rgatishmagan bo‘lsa-da, men cherkas madaniyatiga bog‘liqlik his eta boshlaganimda, xotira tadbirlarida qatnasha boshladim. Har yili 21-mayda odamlar to‘planib, sham yoqadi, o‘sha davrga oid qo‘shiqlar kuylaydi, o‘tmish va kelajak haqida suhbatlashishga harakat qiladi. Men bu tadbirlarda ketma-ket ikki yil qatnashdim, ammo keyin to‘xtatdim. Xotirlash marosimi sovet uslubidagi madaniyat markazida o‘tayotganini, go‘yo sovet davri tadbiriga o‘xshashini payqadim. Biz dardimizni xuddi sovet davri oq-qora filmlaridagidek eslab, aza tutyapmiz. Bu rasmiylik. Bu voqealar va odamlarni bunday tarzda xotirlash va motam tutish to‘g‘ri emas. To‘g‘ri, ongliroq va chuqurroq o‘ylangan tadbirlar ham bor, lekin umuman olganda, rasmiy motam marosimlaridan chetlashishga qaror qildim. Turmush o‘rtog‘im [Bulat Xalilov, jurnalist, tadqiqotchi va “Ored Recordings” asoschisi] hali ham qatnashadi, lekin men studiyamda qolib ishlashga qaror qildim – bu men uchun xotirlashning o‘ziga xos usuli.

Biz xavotir ichida tug‘ilib, ulg‘ayib va yashayotganimizni yaqinda anglab yetdim. Bu holat biz uchun tabiiy. Mening san’at amaliyotim barcha og‘riqlar, tashvishlar va asabiy holatlarni bir-biriga to‘qib, yashashga qodir bo‘lgan holatga kelishimning usuli. Shu bilan birga, men umidli yechimlar izlashni ma’qul ko‘raman, chunki umidsizlik hissi meni vayron qiladi. Endi og‘riqni emas, balki g‘azabni his qilayapman.

Tasvir: Aziza Kadyri
Her stage, 2023
ikki kanalli ovozli video

Aisha: Men optimist bo‘lishni o‘rganyapman, bu aslida o‘rganilgan narsalarni unutish jarayoni. Bizda haddan tashqari ko‘p tashvish bor, bu bizga ota-onalarimizdan o‘tgan. Ota-onamning sevgi tili men haqimda qayg‘urish, holatimni so‘rab turish va eng yomon vaziyatlarni o‘ylashdan iborat edi. Men “Agar hammasi juda yomon bo‘lib ketsa-chi?” deb o‘ylashga o‘rganib qolganman. Endi esa “Agar hammasi ajoyib tarzda yaxshi bo‘lib ketsa-chi?” deb o‘ylashga harakat qilyapman. Men buni og‘riq deb atamayman – bu Rolando Vaskesning so‘zlari bilan aytganda, mustamlaka jarohati. Ba’zida bu og‘riqli, ba’zi kunlari esa buni boshqa kunlarga qaraganda ko‘proq his qilaman.

Mustamlaka jarohatlari menga qanday ta’sir qilgan? Mening bolaligim bu Katya qo‘g‘irchog‘i va Petya xo‘rozi, keyinchalik esa Barbie bo‘lgan. Bolalarni o‘rab turgan narsalar juda muhim, chunki ular madaniyatning qoliplaridir. Ehtimol, shu sababli men QAYTA loyihasini yaratishga qaror qildim – qozoqcha “қайта” so‘zi “yana, yangitdan” degan ma’noni anglatadi. Buni men dizayn va xotira ustaxonasi deb atagan bo‘lardim. Hozirda QAYTA qo‘lda biror narsa yasash uchun ko‘paytirib foydalanish mumkin bo‘lgan qozoq naqshlari andozalari to‘plamlarini tayyorlamoqda.

QAYTA orqali xalqimga kigizni, shi/chiyni his qilish, ota-bobolarimiz amaliyotlarini sinab ko‘rish hamda ularni va bilimlarimizni tanalarimizda eslab qolish imkoniyatini bermoqchiman. Men uchun ajdodlarimiz dunyosini eslash yaratish va jismoniy amaliyot orqali yuzaga chiqadi. Bu amaliyot men uchun shifo manbai bo‘lib, uni boshqalar bilan baham ko‘rishni istayman.

Qozoq tilida “ara” so‘zi bor – bu odamlar, mavjudotlar o‘rtasidagi nafaqat makon va zamondagi, balki munosabatlardagi masofani ham anglatadi. “Aralas” so‘zini, ya’ni “aralashgan” degan ma’noni, men o‘sha masofani yo‘qotish, odamlarni yaqinlashtirish deb tushunaman. “Aralasu” esa fe’l, harakatdir. Xalqimizda “Aralashmasang, qarindosh begonaga aylanadi” degan naql bor. Qozog‘istonning ikki yuz yildan ortiq davom etgan mustamlakachilik davrida ajdodlarimiz dunyosi bilan aralashish imkonsiz bo‘lib qoldi, bu aloqalar uzildi va ko‘p narsa yo‘qotildi. Biz jamoa bo‘lib ota-bobolarimizdan uzoqlashdik. Men o‘zimni va xalqimni sovet va mustamlaka davrining tushunchasi orqali anglayman. “Ularning soddaligi va kambag‘alligiga qaramay…” Samuel Dudin qozoq ustalarining gilamlarini shunday haqoratomuz maqtov bilan ta’riflaydi. Mahalliy aholi uchun yomon emas ekan-da. Ko‘p yillar davomida biz shunday qiyshaygan ko‘zgu orqali o‘zimizni anglashga majbur bo‘lganimiz meni iztirobga soladi.

Rolando Vaskes dekolonial amaliyot shifo va adolat haqida ekanligini ta’kidlaydi. Uning so‘zlari menga o‘z badiiy va ilmiy faoliyatim to‘g‘risida erkinroq fikr yuritish imkonini berdi. Mening amaliyotim – bu shaxsiy davolanish yo‘lim. Bu yerda yagona to‘g‘ri yo‘l yo‘q – davolanish har bir inson uchun o‘zgacha kechadi. Hech kim menga qanday tezlikda yoki qaysi yo‘nalishda harakat qilishni aytib berolmaydi. Bu yo‘l doim to‘g‘ri chiziqli bo‘lavermaydi. Bugun ba’zi savollarga javobim bor, ammo ertaga balki o‘rnimdan turishni ham istamasman.

Tasvir: Aziza Kadyri
Her stage, 2023

Aziza: O‘z ishlarimda og‘riqni emas, balki optimizmni ifodalashga intilaman. Bu optimizm, shubhasiz, og‘riqni qayta ishlash bilan bog‘liq. Inson sifatida ham, san’atkor sifatida ham uzluksiz qayg‘u va g‘amginlik holatiga botib qolish deyarli imkonsiz. Men bu tuyg‘uga mahliyo bo‘lib, xayol surib o‘tira olmayman. Aksincha, yechimlar izlayman. Og‘riq ichida qanday yashash mumkin? Cheklovlar bo‘lsa, ularni qanday yengib o‘tish kerak? Kecha hozir ustida ishlayotgan “Her Stage” instalyatsiyam uchun yozib olgan buvim bilan suhbatni tingladim. U ba’zan salbiy voqealarni eslab, har jumladan so‘ng kuladi. Ehtimol, bu kulgi jarohatdan kelib chiqayotgandir. “U meni devorga qisib, paypaslay boshladi,” deydi buvim professional raqqosa bo‘lolmaganining sabablarini sanab, keyin esa kuladi. Buva-buvilarimning kundaliklari orqali butun oilamizda muammolar va og‘riqlarga nisbatan bir xil munosabat borligini ko‘raman. Katta bobom butun mol-mulkini o‘z ixtiyori bilan sovetlarga topshirgan va jilmayib turib, hammaga “O‘qinglar, chunki sizlardan hech kim bilimni tortib ololmaydi,” deb nasihat qilgan. Bunda ham taqdirga tan berish, ham “klinik” fojiali optimizm bor, va bu yondashuv menga ongsiz ravishda o‘tgan. Shuning uchun men absurdizmdan, sehrli realizmdan, ijrochilikdan qo‘rqmaydigan san’atga qiziqaman. Bu – aqlli himoya mexanizmi.

Milyausha: Oilamizda 1920-yillarda Volga bo‘yida sodir bo‘lgan  z’ur aslyk – ocharchilik bilan bog‘liq bir voqea bor. Bu haqda Ukrainadagi Golodomor va Qozog‘istondagi  Asharshylyq ga nisbatan kamroq so‘z yuritiladi. Buning sababi, ehtimol, Bashkortostanning hamon Rossiya Federatsiyasi tarkibida ekanligidir. Katta buvim Zaynabning birinchi eri eng qimmatbaho narsani – gilamni olib, uni ocharchilikdan kamroq aziyat chekkan uzoq hududda oziq-ovqatga almashtirish uchun yo‘lga chiqqan. U qaytib kelmagan.

Har bir oilada katta buvilarning an’anaviy xazinalarini topshirgani haqidagi hikoyalari bor bo‘lsa kerak. Bashqordlar buni ilk bor 1920-yillarning oxirida traktorlar uchun pul yig‘ilayotgan paytda ko‘rishgan. Men hashamatli milliy libos, ko‘krak taqinchoqlari va bosh kiyim kiygan ayol kurtka kiygan ikki usta o‘tirgan stolga yaqinlashayotganini ko‘rsatuvchi videoni topdim. U barcha taqinchoqlarini yechib, ularga topshiradi. Hamma qarsak chaladi. Ikkinchi jahon urushi davrida front ehtiyojlari uchun zargarlik buyumlari yig‘ilganda ham xuddi shunday bo‘lgan. Ba’zi ustalar hamon o‘z xazinalarini, ayniqsa tarixiy manbalarni qayta tiklovchilar yoki etnograflar tashrif buyurganda, birovga ko‘rsatishdan qo‘rqishlarini aytishadi. Mening hududimda, Bashkortostanning janubi-g‘arbida hozir kamdan-kam odam an’anaviy kiyimlar kiyadi. Ba’zilar hatto bizda milliy kiyimlar va zargarlik buyumlari bo‘lmagan deyishadi, aslida esa barcha xazinalar sovet islohotlari uchun topshirilgan. Bu ham mening tariximning bir qismi. Buni aytganingizda va boshqalar bilan bo‘lishganingizda, go‘yo bu yuk yelkangizdan tushayotgandek tuyuladi.

Darali: Tub aholining muammolari haqida gapirganimizda, men og‘riq emas, g‘azab his qilaman. Bu g‘azab ko‘p qirrali. U hatto  befarqlik bilan aralashgan umidsizlik, va asabiylashish kabi tuyuladi. Agar hammasi yomon bo‘lishini istasangiz – hech narsa qilmang, ona tilingizda gapirmang, hunarmandchilik bilan shug‘ullanmang, bu sizning tanlovingiz! Meni g‘azablantiradigan narsa – hozirgi kunda madaniyatda, zamonaviy san’atda sodir bo‘layotgan hodisalarga nisbatan kuchsizlik, loqaydlik va e’tiborsizlik. Men qo‘limdan kelgancha va iloji boricha ko‘proq harakat qilaman. Kuch-quvvatni yo‘qotmaslik uchun turli odamlar bilan, jumladan Udmurt madaniyatidan tashqaridagi, balki o‘xshash jarayonlarni boshdan kechirayotgan insonlar bilan muloqot qilishga intilaman.

Tasvir: Darali Leli buvisi Lidiya tikkan Janubiy Udmurt milliy kiyimini kiyib, o‘zi tayyorlagan fartukni taqib turgan holat